Yangiliklar
614
Joriy yilning 27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida  qishloq xo‘jaligida klaster tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida ulkan rejalar belgilangani, kelgusi besh yilda hosildorlikni kamida 2 barobar ko‘tarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, soha eksportini 7 milliard dollarga yetkazish, aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirish maqsad qilingani qayd etildi.

Bunda klasterlar asosiy tayanch va yetakchi bo‘ladi.

– Eng asosiy muammo – amaldagi eskicha moliyalashtirish tartibi, – dedi Prezident. – U sohani rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan talablarga mutlaqo javob bermayapti. Paxta-to‘qimachilik klasterlari kredit muddatlarini uzaytirish va miqdorini ko‘paytirishni so‘rayapti. Hozirda klasterlarga kredit 11 oy muddatga ajratiladi. Paxta xomashyosini yetishtirib, uni qayta ishlashga esa kamida 24 oy kerak. Yerni ekishga tayyorlash oktyabrda boshlansa-da, kredit 3-4 oy kechiktirib, yanvar-fevral oylaridan ajratiladi. Bu eski tizim endi to‘liq o‘zgaradi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, endi paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, ya’ni oktyabr oyidan boshlanadi. Bundan buyon, klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi.

Paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar, faqat klasterlar orqali moliyalashtiriladi.

Lo‘nda qilib aytganda, klaster olgan kreditini, xomashyoni eng kamida ip-kalava va matoga aylantirgandan keyin qaytaradi. Bu tizimni joriy etishga byudjetdan 10 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga yil yakuniga qadar qo‘shimcha 100 million dollar ajratiladi.

Shuningdek, tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tish, o‘simliklar himoyasi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, fermerlarni o‘qitish kabi tadbirlar uchun har bir gektar paxta maydoniga 1 million so‘mdan moliyaviy grantlar ajratiladi. 

Moliya vazirligi va Markaziy bankka ushbu yangi tizimni amaliyotga joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Klasterlar tomonidan ip-kalavani qayta ishlash darajasini kelgusi ikki yilda hozirgi 50 foizdan 70 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Shundan kelib chiqib, ularga moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilishi ma’lum qilindi.

Masalan, matoni bo‘yash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun, korxona quvvatiga qarab, davlat hisobidan moliyaviy grantlar beriladi. Bunday loyihalarni kreditlash uchun yana 150 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan past stavkalarda 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi. Shunday tovarlarning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 3 yil muddatga amaldagi 12 foiz o‘rniga 1 foiz qilib belgilanadi. Shuningdek, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yilga kechiktirib to‘lash imkoniyati ham beriladi. Buning hisobiga, korxonalar ixtiyorida yiliga kamida 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

Yana bir qulaylik – kelgusi yildan ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga kredit olishda paxta xomashyosi va tolasini garovga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi.
Yig‘ilishda meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperasiyalari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish choralari muhokama qilindi. Ularni ham Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlash muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanma mablag‘ uchun, jamg‘arma hisobidan 1 yil muddatga 10 foizdan kredit resurslari ajratiladi.

Umuman, ushbu maqsadlar uchun yiliga jami 25 trillion so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda bildirilgan tashabbuslar ijrosi bo‘yicha farmon va qaror loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.