Yangiliklar
432
Agrobank tomonidan "Fermerlar maktabi"ning Samarqand filialiga press-tur tashkil etildi

Agrobank tomonidan "Fermerlar maktabi"ning Samarqand filialiga press-tur tashkil etildi

“Agrobank” ATB tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘ylab "Fermerlar maktabi" loyihasi amalga oshirilyapti.  

Joriy yilning 10 iyul kuni "Fermerlar maktabi" ning Samarqand filialida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir qatnashchilari maktabda tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi. O‘quvchilarga 3 mahal ovqat, yotoqhona, transport hamda o‘quv qurollari tashkillashtirib berilgan. Xonalar eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan, sohadagi eng yetuk o‘qituvchilar saralab olingan. 37 nafar tajribali mutaxassis, biznes egalari o‘qituvchi sifatida jalb qilingan. 8 ta fan doktori, 3 ta professor, 20 dan ortiq fan nomzodi, dosentlar mavjud.

Ta’lim yo‘nalishlari – chorvachilik, parrandachilik, sabzavot va polizchilik, issiqxona xo‘jaligi hamda biznes, moliya va huquqiy savodxonlik darslari. O‘qish dasturi esa ham nazariy, ham amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratiladi. Amaliy darslar tajriba uchastkalari va yirik qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘tiladi. 

Respublika bo‘ylab fermerlar maktabiga 18-35 yoshdagi 150 ta tinglovchi qabul qilingan. O‘qish 2 oy davom etadi, ichida ikki haftalik amaliyot va bir haftalik biznes reja tayyorlash qismi ham mavjud.

Hozircha bunday maktablar Respublikaning 5 hududida – Toshkent, Andijon, Samarqand, Termiz va Nukusda tashkil qilingan. Ularda fermerlikka qiziqqan yoshlar va aholi bepul tahsil olmoqda.

Bitiruvchilarga erishgan natijalariga qarab 3 xil sertifikat beriladi. Yoshlar egallagan bilimi bo‘yicha imtiyozli kredit olib, o‘z biznes rejasini amalga oshirish imkoniga egadirlar.