Yangiliklar
1077

Xabaringiz bor, hozirda yurtimiz bo‘ylab keng jamoatchilik ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha qonun loyihasi hamda ushbu loyihaga aholi tomonidan bildirilgan takliflar keng muhokama qilinmoqda.

"Agrobank" ATB Bosh ofisida ham ushbu jarayonga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bosh ofis hamda bankning hududiy filiallari tomonidan videokonferens aloqa shaklida o‘tgan tadbirda barcha xodimlar ishtirok etdi.   

Tadbirda  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Shaxnoza Joldasova ishtirok etib, ma’ruzachi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha keng tushuncha berdi.     
                                                                                                                                     
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek Davlatimiz Rahbarining Komissiya a’zolari bilan uchrashuvda "insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak" degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib "O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi.

Konstitusiyaviy qonun loyihasi Konstitusiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda.

Konstitusiyaga o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitusiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitusiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.

Konstitusiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalo “inson qadri uchun” degan tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilganligi ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi.

Tadbir mobaynida bank xodimlari faol ishtirok etib, o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar.